Druckversion   

Ovrupo Tarjimonlar Kollegiyasi, Shtralen

 


Shtralenda tarjima qilishni o'rganilmaydi va o'rgatilmaydi, balki "faqat" tarjima qilinadi -- buning uchun ideal shart-sharoitlar muhayyo. Shtralenga dunyoning barcha qit'alaridan tarjimonlar nashriyotlar bilan shartnomalar tuzgan holda kelishib, bu yerdagi mavjud imkoniyatlardan foydalanishadi, ish jarayonida o'z hamkasblari bilan uchrashib, o'zaro yo'l-yo'riq, maslahatlar va tajribalar almashishadi.

 


Dastlab barchasi xom xayolga o'xshab tuyulgan edi: maqsad chegara mintaqasi bo'lmish o'lkada badiiy adabiyot tarjimonlari bir-birlari bilan uchrashib, kosmopolitik almashuvlar hamda muayyan maqsadga yo'naltirilgan faoliyat olib boriladigan, turli xil yozma madaniyat (adabiyot) vakillari uchun maskan tashkil etish edi.

 

 

Dastlabki fikr-mulohazalardan so'ng oradan deyarli o'ttiz yil o'tgach, xayolga o'xshab tuyulgan g'oya kun sayin yaqqol voqelikka aylana bordi: Samuel Bekett, Hainrih Bo'll va Maks Frish homiyligida quyi Rayn shaharchasi -- Shtralenda 1978-yilda ta'sis etilgan "Shtralen (Shimoliy Rayn-Vestfaliya) dagi Ovrupo Tarjimonlar Kollegiyasi" bugungi kunda badiiy va ijtimoiy adabiyot tarjimonlari faoliyat yuritadigan dunyodagi ilk eng katta markaz hisoblanadi.

 

 

1978-yildan buyon o'tgan davr mobaynida Tarjimonlar Kollegiyasi ancha kengaydi. Bu yerda 2500 kvadrat metrdan ziyod maydonda -- kutubxona, yig'ilish xonalari va ikkita to'liq jihozlangan oshxonadan tashqari -- yashash va ishlash uchun 30 ta apartament (barcha qulayliklarga ega bo'lgan, muhtasham jihozlangan xona) lar bunyod etildi.

 

110.000 jilddan iborat kutubxona kollegiya yuragi hisoblanadi. Bu yerda 275 dan ziyod til va sheva (afrika tillaridan to zulugacha) larda 25.000 ta qo'llanma va ma'lumotnomalar, jahon adabiyotining 60.000 jilddan iborat asarlarini o'z ichiga olgan kutubxona -- ushbu asarlarning ko'pchiligi asliyat va tarjimada qo'yilgan -- hamda muayyan sohaga oid bo'lgan 25.000 ta kitoblar mehmonlar ixtiyoriga berib qo'yilgan. Shuning uchun ham kollegiya kutubxonasi badiiy hamda ma'lum sohaga oid adabiyot tarjimonlari uchun dunyodagi eng katta maxsus kutubxona hisoblanadi.

 

 

40 ta zamonaviy kompyuter uskunalari va xorijiy tillardagi ko'plab klavishlar majmualari foydalanuvchilar xizmatida. Kutubxonadagi barcha dasturiy kompyuterlar tizimi yilda 365 kun va butun sutka davomida internetga tez ulanish imkonini beradi. Har yili Shtralenga dunyoning barcha qit'a laridan 750 dan ziyod tarjimonlar kelishadi. Bu yerda o'tgan yillar mobaynida 16.000 dan ortiq tarjimalar yaratildi.

 


Shtralen Niderlandiya chegarasi yaqinida joylashgan mo'jazgina go'zal shaharcha bo'lib, uning atrofidagi yerlarda asosan gullar va sabzavot yetishtiriladi. Shtralenning "gullar shahri" deb atalishi ham bejiz emas. Olmoniyaning boshqa hech bir go'shasida gullar va sabzavot bilan bu yerdagichalik ko'p savdo qilinmaydi.

 

Marhamat, olmon va ingliz tillarida murojaat uchun manzil:

 

Ovrupo Tarjimonlar Kollegiyasi
Kuhstrasse 15-19, 47638 Shtralen, Germaniya
Telefon: 0049-2834-1068, Fax: 0049-2834-7544
El.pochta: euk.straelen(at)t-online.de

 

Ins Usbekische übersetzt von Mirzaali Akbarov